Bu har qanday sababga ko‘ra ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun parvarish va g‘amxo‘rlikning muqobil shakllarini ta'minlaydigan xalqaro tashkilotdir. SOS Bolalar Mahallalari o‘z faoliyatini bolaning eng yaxshi manfaatlariga va uning tug‘ilish paytidan yuzaga kelgan huquqlariga rioya qilishga qaratilgan. Tashkilot o‘z loyihalari, dasturlari va xizmatlari orqali taqdir taqozosi bilan boladan tortib olingan, biroq uning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan oila muhiti, xavfsizlik, uyning hissi va kelajakka ishonch kabilarni yaratib beradi.
Tashkilot nomidagi “SOS” qisqartmasi “Societas Socialis” degan ma’noni anglatadi. 1949 yilda Hermann Gmayner va uning tarafdorlari Avstriyadagi etim bolalarni parvarish qilish uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida Societas Socialis ijtimoiy klubini tashkil qildilar. Bir yil o‘tgach, bu nom SOS Bolalar Mahallalari deb o‘zgartirildi. Hermann Gmayner va uning tarafdorlari uchun SOS ijtimoiy mas’uliyatli jamiyatni anglatardi. Ular har bir bola onaga, aka-uka, opa-singillarga, uyga va qo‘llab-quvvatlovchi jamiyat muhitiga loyiq deb hisoblashgan. SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasining asosiy tamoyili ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va yoshlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashdan iborat. O‘qishni tugatgunga qadar bolalar SOS oilalarida yashaydilar va tarbiyalanadilar, shundan so‘ng ular yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlarini olishlari mumkin. Faoliyatimizning yana bir muhim yo‘nalishi oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy etimlikning oldini olishdir.
SOS Bolalar Mahallasi Xorazm - bu bolalarni muqobil parvarish qilishning zamonaviy modeli bo‘lib, SOS uylar Urganch shahrining turli hududlarida joylashgan. Ba’zi uylar bir turar-joy massivida, boshqalari esa shaharning boshqa qismlarida joylashgan. SOS Bolalar Mahallasi Xorazm atrof-muhitdan ajratilgan bir hududda emas, balki shahar turar-joy hududining tabiiy qismi hisoblangan uylardan iborat. Shuninig uchun, bolalar tabiiy muhitda yashaydilar, bu esa bolalarning etim yoki ota-ona qaramog'idan mahrum bo‘lgan deb stigmatizatsiya bo‘lish xavfini kamaytiradi. Ko'pincha Xorazmdagi SOS oilalar oddiy oila sifatida qabul qilinadi, aksariyat qo‘shnilar bolalarning og‘ir hayotiy tarixidan bexabar.
SOS Bolalar Mahallalari modeli “klassik” turdagi bolalar uylaridan sezilarli darajada farq qiladi. Zero, faqat oila muhitigina bolani himoya qilishi, ma’naviy orom berishi, jamiyatga qaytarishi mumkin. SOS Bolalar Mahallalarida smenali tarbiyachilar, oshpazlar va farroshlar yo‘q, bolalar oddiy oiladagidek yashaydilar, ular onalariga uy yumushlarida yordam berishadi.
Avvalo, biz bolalarni og‘ir travmalardan so‘ng reabilitatsiya qilishlari, baxtli bolalikni qaytarishlari va to‘liq mustaqil hayotga tayyor bo‘lishlari uchun hamma kerakli ishlarni qilamiz. Har bir bola uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi. Bolalar ijtimoiylashuv uchun zarur bo‘lgan uy ishlaridan tortib, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ta’limgacha bo‘lgan barcha kerakli narsalarni oladilar.
Ikkinchidan, biz hech qachon aka-uka va opa-singillarni ajratmaymiz.
Uchinchidan, SOS Bolalar Mahallalarida bolalar tashqi dunyodan ajralgan emas: ular oddiy maktablarga boradilar, bolaligidan atrof-muhit bilan aloqa o‘rnatadilar, bolalar mahallalaridan tashqarida ham do‘stlari bor.
To‘rtinchidan, bitiruvchilarimiz yoshlarga hamrohlik qilish xizmati tomonidan to‘laqonli ijtimoiy, psixologik va huquqiy ko‘mak oladilar, bu yordam yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topib, oyoqqa turishlariga xizmat qiladi.
Hermann Gmeiner (SOS Children’s Villages xalqaro tashkiloti asoschisi) tomonidan ishlab chiqilgan tashkilot modeli - bolalarni muqobil parvarish qilishning ushbu shaklini uzoq vaqt davomida rivojlanib kelishi va mashhurligining siridir. Uning fikricha, agar bolani oilada qoldirish imkoni bo‘lmasa va uni tarbiya muassasasiga yuborish masalasi tug‘ilsa, unda bolani SOS Bolalar Mahallalariga joylashtirish yaxshi echim hisoblanadi. Bu erda u o‘z onasi/ota-onasi o‘rnini bosuvchi onaning/ota-onaning mehriga, aka-uka va opa-singillarga, shuningdek uyga ega bo‘ladi.
SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi dunyoning barcha qit’alarida 136 ta davlatda faoliyat yurituvchi SOS Children’s Villages xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining a’zosi hisoblanadi. Butun dunyoda 550 dan ortiq SOS Bolalar Mahallalari qurilgan bo‘lib, ularda 60 mingga yaqin ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar istiqomat qiladi. Oilalarni qo‘llab quvvatlash, ijtimoiy etimlikning oldini olish dasturlari, ta’lim va gumanitar loyihalar, bolalar huquqlarini himoya qilish loyihalari doirasida yana 1 000 000 dan ortiq bolalar va kattalar tashkilot tomonidan muntazam ko‘mak olmoqda.
SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va SOS Kinderdorf International xalqaro tashkiloti o‘rtasida 1997-yilda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida SOS Bolalar Mahallalarini tashkil etish, qurish, jihozlash va ulardan foydalanish hamda bog‘liq bo‘lgan loyihalar to‘‘g‘risida”gi shartnomaga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 31-dekabrdagi “SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 585-son qarori va 2020-yil 21-noyabrdagi “SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadi. SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi 1997 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, 2000 yilda Toshkentda birinchi SOS Bolalar Mahallasi ochilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda “SOS Bolalar mahallalari” uyushmasining 3 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda: Toshkent shahrida, Samarqand shahrida va Xorazm viloyatida.
Bolalar mahallasi odatda bir necha uydan iborat. SOS Bolalar Mahallalarida bolalar tashqi dunyodan uzilib qolmaydilar. Bolalar oddiy maktablarga boradilar, tuman klinikalarida davolanadilar, biologik qarindoshlari bilan uchrashadilar (agar bu bolaning manfaatlariga zid bo'lmasa).
Har bir oilada 4-7 nafar bola yashaydi. Har bir oilaning o‘z uyi bor, uning ichki muhiti, dizayni, qulayligi oilaning o‘zi tomonidan yaratiladi. Uylar yaqinida gullar ekilgan, ba‘zida sabzavot va mevalar etishtiriladigan to'shaklar mavjud. Har bir oila o‘z hayoti bilan yashaydi: oila byudjetini rejalashtiradi va sarflaydi, bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazishni, qaerga borishni o‘zi hal qiladi. Bolalar oddiy maktablar va bolalar bog‘chalariga, poliklinikalarga boradilar, qo‘shimcha ta‘lim oladilar. Bolalarning rivojlanishida ota-onalarga tashkilot mutaxassislari yordam beradilar. Har bir bolaning barcha xususiyatlari, ehtiyojlari va qobiliyatlari hisobga olingan holda individual rivojlanish rejasi tuziladi va amalga oshiriladi.
Oila hayoti va uyning tartib-qoidalari, uy-ro‘zg‘orni saqlash, mas‘uliyatni shakllantirish kabilar bilan ota-onalar shug‘ullanadilar. Bu uchun ular xaq oladilar va ish stajiga ega bo‘ladilar va ta’tilga ega bo‘ladilar. Ta’tilga chiqqan vaqtlarida esa bolalarga yordamchi g‘amxo‘rlik qiladi, biz uni “SOS xola” deb ataymiz. Barcha bolalar singari, tarbiyalanuvchilar do‘kon va dorixonaga yugurishadi, dasturxon yozishadi va boshqa uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Bir so‘z bilan aytganda, hamma narsa oddiy oiladagidek.
O‘zbekiston Respublikasining vasiylik va homiylik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlariga quyidagilar kiradi:
Vasiylik va homiylik faoliyati tuman, shahar/viloyat hokimliklaridagi bolalarni himoya qilish sektorlari/sho‘balari tomonidan amalga oshiriladi. Vasiylik va homiylik organlaridan tashqari yuridik va jismoniy shaxslarning vasiylik yoki homiylik o‘rnatishga muhtoj bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni tartibga solish bo‘yicha faoliyatiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Har bir SOS Bolalar Mahallasi o‘z hududidagi vasiylik va homiylik organlari bilan yaqin hamkorlikda bo‘lib, bolani bizning tashkilotga qabul qilishga ehtiyoj yuzaga kelsa va vasiylik va homiylik organi bolaning ahvolini baholashda ishtirok etish bo‘yicha murojaat qilsa, birgalikda baholash o‘tkaziladi. Bunda bolani SOS Bolalar Mahallasiga joylashtirish bolaning manfaatlariga mos kelsa, mas‘ul organ bolani SOS Bolalar Mahallasiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ustuvorlik aka-uka va opa-singillarga beriladi: agar ular homiylik ostidagi oilaga yoki mehribonlik uyiga joylashtirilsa alohida (ehtimol abadiy) bo‘lishardi, SOS Bolalar Mahallalarida esa ularning birga yashashlari uchun barcha sharoit yaratilgan.