Oilaviy bolalar uylariga hamrohlik qiluvchi mutaxassislar uchun amaliy trening yakunlandi
2026-yil 24–27-avgust kunlari Toshkent viloyatida oilaviy bolalar uylariga hamrohlik qiluvchi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining 43 nafar mutaxassisi uchun to‘rt kunlik amaliy trening o‘tkazildi. Trening mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, metodik va supervizion qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratildi.
“SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi” mobil guruhlari mutaxassislari kasbiy superviziya, bolalarning ehtiyojlarini kompleks baholash, Individual rivojlanish rejalarini (IRR) ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Shuningdek, real holatlar va amaliy keyslar tahlil qilindi.
Trening doirasida mutaxassislar 12 ta oilaviy bolalar uyiga tashrif buyurib, bolalarni qo‘llab-quvvatlash va oilalarga ijtimoiy hamrohlik qilish jarayonlarini bevosita o‘rgandilar. Tashriflar davomida mavjud ehtiyojlar aniqlanib, murakkab holatlar bo‘yicha manzilli tavsiyalar berildi. Bolalarning manfaatlari, xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasida o‘tkazilgan treningda mutaxassislarni muntazam kasbiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham muhokama qilindi. Bu olingan bilim va ko‘nikmalarni kundalik faoliyatda samarali qo‘llashga xizmat qiladi.
Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. O‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalar oilaviy bolalar uylariga ijtimoiy hamrohlik sifatini oshirish hamda har bir bolaning individual ehtiyojlariga mos samarali yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.