Oilaviy bolalar uylarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mobil guruhlar faoliyatining birinchi bosqichi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi tomonidan Xorazm viloyati, Samarqand va Toshkent shaharlarida faoliyat yuritayotgan mobil mutaxassislar guruhlarining ishining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Loyiha doirasida SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi mutaxassislari hududlarga tashrif buyurib, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari bilan birgalikda Oilaviy bolalar uylariga monitoring tashriflarini amalga oshirdi. Mobil guruhlar oilalarda mavjud ehtiyojlarni baholash, bolalar va tutingan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ijtimoiy xodimlar hamda psixologlarga amaliy metodik yordam ko‘rsatishga qaratilgan.
Mazkur yondashuv oilalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni erta aniqlash, tutingan ota-onalarga o‘z vaqtida professional ko‘mak ko‘rsatish hamda bolalarning xavfsiz, barqaror va mehribon oilaviy muhitda voyaga yetishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Superviziya jarayonlarida Xorazm, Samarqand va Toshkent hududlaridagi 35 nafar ijtimoiy xodim va 27 nafar psixolog ishtirok etdi. Mutaxassislar real holatlar ustida ishlash, oilalarga tashriflarni tashkil etish, individual keyslarni tahlil qilish hamda oilalarni kompleks qo‘llab-quvvatlashning samarali usullarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamladilar. Mashg‘ulotlar doirasida 14 ta Oilaviy bolalar uyiga tashriflar amalga oshirildi. Har bir tashrif davomida mutaxassislar oilalar bilan birgalikda bolalarning ehtiyojlarini baholash, mavjud vaziyatni tahlil qilish va oilalarni yanada samarali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan individual tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Ijtimoiy buyurtma doirasidagi mobil guruhlar faoliyati davom etmoqda. Kelgusida bunday amaliy superviziya va metodik qo‘llab-quvvatlash boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.