3.12.2024
SOS O'zbekiston Bolalar Mahallalari va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo'yicha vakili o'rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi
2024 yil 2 dekabrda SOS O'zbekiston Bolalar Mahallalari va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo'yicha vakili o'rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat mamlakatda bolalar huquqlarini himoya qilish va ilgari surish yo'lidagi sa'y-harakatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi.
2008 yildan boshlab SOS O'zbekiston Bolalar Mahallalari bolalarni himoya qilish siyosatini joriy etgan, bu siyosat bizning qaramog’imizdagi bolalar xavfsizligini va farovonligini ta'minlash yo'lidagi faoliyatimizni tartibga soladi. Xalqaro standartlarga asoslangan ushbu siyosat tashkilotning barcha dasturlari va loyihalarini qamrab oladi va bolalar huquqlarini himoya qilish va har qanday kamsitishning oldini olishda asosiy vositaga aylangan.
Bola huquqlari bo'yicha vakil bilan imzolangan Memorandum ikki tomonning bolalar huquqlarini himoya qilish yo'lidagi samarali hamkorligini ta'minlash uchun asos yaratadi. Hujjat bolalar, ayniqsa, muqobil parvarish ostidagi bolalar uchun huquqlari buzilganligini xabar berish imkoniyatlari yaratishni, shuningdek, huquqiy savodxonlikni oshirish va bolalar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari haqida aholining bilimlarini kengaytirish maqsadida tadbirlar tashkil etishni ko'zda tutadi.
Uchrashuv davomida Bola huquqlari bo'yicha vakil SOS O'zbekiston Bolalar Mahallalari Toshkent filialining faoliyati, shu jumladan, ijtimoiy yetimlikning oldini olish va muqobil parvarish xizmatlari bilan tanishdi.
Ushbu Memorandum imzolanishi SOS O'zbekiston Bolalar Mahallalari va Oliy Majlis Bola huquqlari bo'yicha vakili o'rtasidagi bolalar huquqlarini himoya qilishga bo'lgan umumiy harakatlarni va kelajakdagi hamkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.