16.03.2022
Xalqaro SOS Bolalar mahallalari Federatsiyasining Ukraina inqirozi bo'yicha munosabati
Ukrainadagi inqiroz millionlab bolalar hayotini barbod qilmoqda, ularni huquqlaridan mahrum qilmoqda, oilalarni parchalamoqda. Bularning barchasi ikki yildan buyon bolalar salomatligi, xavfsizligi va ta’limini xavf ostiga qo‘yayotgan COVID-19 pandemiyasi fonida sodir bo‘lmoqda.
Vaziyat, ayniqsa, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar uchun umidsizdir va yana ko'plab bolalar yaqinlari qaramog’ini yo'qotishi mumkin. Ukrainada ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan va turli xil muqobil parvarish sharoitida yashaydigan 160 mingdan ortiq bola bor. Ular quruqlikdagi janglar va bombardimon qilish xavfiga duchor bo'lishmoqda va ko'pincha kattalar yordamisiz qolishmoqda.
Bolalarning butun bir avlodi kerakli g'amxo'rliksiz o'sib-ulg'ayish xavfi ostida.
Ukrainaning SOS Bolalar mahallalari uyushmasining joylardagi xodimlari birinchi hafta ichida foster oilalaridagi yuzdan ortiq bola va tarbiyachilarni evakuatsiya qilishga va ularni Polsha va Ruminiya kabi qo‘shni mamlakatlarga xavfsiz joyga olib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, ushbu vaziyat Ukrainada bolalarni himoya qilish tizimini yo'q qildi. Xalqaro SOS Bolalar mahallalari Federatsiyasi Ukraina va boshqa davlatlarining hukumatlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda nochor oilalardagi va muqobil parvarishdagi bolalarga yordam berish uchun qo'lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirmoqda.
Eng ko'p xavf ostida bo'lganlar orasida bolalar uylari va maktab-internatlar kabi muassasalardagi deyarli 100 000 bolalar bor. Inqirozdan oldin ham, oila muhitining g'amxo'rligi va hissiy yordami etishmasligi sababli internat tipidagi muassasalarda berilayotgan ta'lim-tarbiya bolalarning farovonligi va rivojlanishiga zarar etkazishi mumkinligi tasdiqlangan haqiqat edi.
U erda bolalarga oila muhitining g'amxo'rligi va hissiyoti etishmaydi. Hozirgi inqiroz sharoitida muassasalar xavotirli darajada kadrlar etishmovchiligiga duch kelmoqdalar hamda bolalarga birlamchi vasiylik va g'amxo'rlik ko'rsatishda, psixologik-ijtimoiy yordam berishda va imkoni cheklangan bolalarga kerakli yordam berishda muammo va qiyinchiliklarga uchramoqdalar. Natijada, bunday muassasalarda bolalarga nisbatan zo'ravonlik qilinishi va bolalarning e'tiborsiz qoldirilishi xavflari ortadi hamda bolalarni evakuatsiya qilish imkoniyati juda past bo'lgan holda izolyatsiya qilinadi.
Ushbu insonparvarlik falokatida SOS Bolalar mahallalari Xalqaro Federatsiyasi hamjihatlikda BOLALAR TARAFIDA birdamlik bilan turibdi.
Biz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar amalga oshirilgunga qadar harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatilishiga chaqiramiz. Biz bolalarga g'amxo'rlik ko'rsatish va himoya qilish, ularning huquqlarini hurmat qilishni birinchi o'ringa qo'yishni so'raymiz.
Shuningdek, biz xalqaro hamjamiyatni, hamkorlar va tarafdorlarni ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va undan mahrum bo‘lish xavfi ostida bo‘lgan bolalarning xavfsizligini ta’minlash va ularga zarur bo‘lgan ixtisoslashtirilgan yordamni olish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqiramiz.
Xalqaro SOS Bolalar mahallalari Federatsiyasining fikricha, quyidagi beshta ustuvor yo‘nalishlarga e'tibor qaratilishi kerak:
-
Gumanitar koridorlarni saqlash va bolalarga taalluqli qurolli mojarolarda xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilish (xususan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya va urush davrida fuqarolarni himoya qilish to‘g‘risidagi konventsiyaga muvofiq). Inqirozning dastlabki yetti kunida 21 nafar bola halok bo‘ldi, 55 nafari yaralandi. Xalqaro hamjamiyat tinch aholiga, ayniqsa kasalxonalar, bolalar parvarishi va ta’lim muassasalariga qilingan hujumlar uchun harbiylarni javobgarlikka tortishi va buning to‘xtatilishini ta’minlashi kerak.Biz gumanitar koridorlar bo'yicha yaqinda imzolangan kelishuvlarni olqishlaymiz va barcha tomonlardan tinch aholiga krizisdan qochish va ularga yordam berish imkoniyatini berishni so'raymiz.
-
Ukrainada harbiy kuchlar o'rtasida to'qnashuvlar sodir bo'layotgan front oldi joylarida joylashgan muassasalardan bolalarni zudlik bilan evakuatsiya qilish. Minglab bolalar g'amxo'rlik qiladigan va himoyalaydigan ota-onalari yoki vasiylarisiz bombardimon qilingan muassasalarda qamalib qolishgan. Bu beparvolik, zo'ravonlik va odam savdosi xavfi yuqori bo'lgan eng zaif guruhlardan biridir. Aksariyat hollarda ularning ushbu hududlardan chiqib ketish imkoniyati past bo'ladi va eng zarur ehtiyojlarini qondirish uchun kurashadilar.
-
Vaziyatdan jabr ko'rgan bolalar va ularning oilalari yoki muqobil parvarish bo'yicha mutaxassislarga Ukrainada ham, qo'shni mamlakatlarda ham hayotiy muhim insonparvarlik yordami, shu jumladan ruhiy salomatlik va psixo-ijtimoiy yordam ko'rsatish. Oziq-ovqat, boshpana va tibbiy xizmatdan foydalanish xavfsiz bo'lishi va insonparvarlik yordami orqali kafolatlanishi kerak. Ushbu asosiy xizmatlarga qo'shimcha ravishda, ruhiy salomatlik va psixo-ijtimoiy qo'llab-quvvatlash yo'riqnomalariga mos keladigan ruhiy salomatlik va psixo-ijtimoiy qo'llab-quvvatlash dasturlari favqulotda vaziyatlarga javob berish tizimiga imkon qadar tezroq integratsiya qilinishi kerak. Havo hujumlari oralig'ida Ukrainaning SOS Bolalar mahallalari psixologi, psixologik jarohatni minimallashtirish uchun bolalarga hujumlardan qanday yashirinish yoki qanday hatti-harakatlarni bajarishni o'yin tariqasida o'rgatmoqda. Ukrainada ham, qochqinlarni qabul qilgan mamlakatlarda ham og'ir ahvolda bo'lgan barcha bolalar psixologik-ijtimoiy yordamga muhtoj.
-
Inqirozdan qochgan barcha bolalar va kattalarga boshpana va sifatli shoshilinch yordam ko'rsatish. Himoya izlab uylarini tark etayotgan tinch aholi soni ortib bormoqda va 4-7 millionga etishi kutilmoqda (UNHCR va Yevropa Ittifoqi hisob-kitoblari). Ularning ko'pchiligi ota-onasi bor yoki ota-onasi, vasiylari, qarindoshlari, homiysi bo'lmagan bolalar. Ukrainaga qo‘shni davlatlardagi xodimlarimiz imkon qadar ko‘proq bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va himoya qilinishini ta’minlashga harakat qilishmoqda va hamkorlikni kengaytirishga harakat qilmoqdamiz.
-
Bolalar uchun Ukrainada ham, ko'chirilgan bolalarni qabul qiladigan mamlakatlarda ham sifatli yordam va himoya olish huquqidan foydalanishni ta'minlash uchun o'rta muddatli va uzoq muddatli rejalar. Bunga bolalarni himoya qilish, muqobil parvarish va ta'lim tizimlarini qayta tiklash kiradi. Ukrainadagi inqiroz davrida e'tiborsiz qolgan muassasalardagi bolalarning ahvoli bolalarni parvarish va himoya qilishni sifatli tizimi mavjud bo'lmaganda ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning o'ta zaifligini ko'rsatadi. Ukrainadagi SOS Bolalar mahallalari 2016 yildan beri bolalar huquqlari milliy tarmog'i va Ukraina hukumati bilan noinstitutsionallashritish milliy strategiyasi ustida ishlamoqda edi. Ammo inqiroz bolalarni parvarish qilish tizimini isloh qilishni to'satdan to'xtatdi. Xalqaro hamjamiyat, hukumatlar va fuqarolik jamiyati favqulodda vaziyatlarga javob berish doirasida inqirozdan jabr ko‘rgan bolalarga sifatli muqobil parvarish qilish, oilani mustahkamlash va ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, bolalarni himoya qilish va parvarish qilishni ishonchli tizimlarini qayta tiklash bo‘yicha uzoq muddatli rejalarni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilishi kerak.